General Motors va Ventec Life Systems korxonalari birgalikda COVID-19 koronovirus infeksiyasining eng yomon belgilari bilan kurashishda juda muhim bo‘lgan sun’iy nafas uskunalarini (ventilyatorlar) ishlab chiqaradi. Bu haqda Ventec Life Systems rasmiy veb-saytida xabar berildi.

Keyinchalik Project V nomini olgan ushbu loyihaga Ford Motor kompaniyasi ham qo‘shilib, ular birgalikda 100 kun ichida 50 mingta sun’iy nafas uskunalarini (ventilyatorlar) ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Ventilyatorlardan tashqari, GM sog‘liqni saqlash xodimlari uchun muhim bo‘lgan jarrohlik niqoblarini ishlab chiqarishini ham boshlashini ma’lum qildi. Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya ikki hafta ichida kuniga 50 mingta jarrohlik niqobi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi, zarurat tug‘ilishi bilan bu ko‘rsatkichni kuniga 100 mingtagacha chiqarish rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Tesla elektr avtomobili ishlab chiqarish kompaniyasi Baffolodagi zavodida Medtronic kompaniyasi bilan birgalikda sun’iy nafas uskunalarini ishlab chiqarish niyatida ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Jon Xopkins institutining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar ro‘yxatida AQSH yetakchilikka chiqib oldi. 31 mart kuniga qadar AQSHda 165 ming nafarga yaqin fuqaroda virus aniqlangan bo‘lib, ulardan qariyb 6 ming nafari sog‘ayib ketdi, 3,5 mingdan ortiqrog‘i esa vafot etdi.