Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, COVID-19 virusini aniqlaydigan 200 mingta test-sistemasi hamda 50 mingta bir martalik bosh kiyimli himoya kombinezoni sotib olinib, harbiy havo kemasida O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Umumiy og‘irligi 20 tonnani tashkil etadigan yuk davlat rahbarining koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratgan mablag‘lari hisobiga (27,8 mlrd so‘m) sotib olindi.

Ushbu maxsus reysda Xitoy tomonidan berilgan 2,5 mlrd so‘mlik turli xil tibbiy buyumlar shaklidagi insonparvarlik yordami ham keltirilgan.

Bundan tashqari, 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan 16 mlrd so‘mlik, 3 aprelda esa qo‘shimcha 45 mlrd so‘mlik tibbiy texnika va himoya vositalari koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga sotib olinadi va harbiy havo kemasida olib keltiriladi.

Jumladan, xorijiy tajribani keng o‘rgangan holda sog‘liqni saqlash xodimlari uchun alohida 2 darajali ya’ni, qizil zonaga mo‘ljallangan maxsus kombinezonlarni xarid qilishga ham e’tibor qaratilgan.