O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qarori bilan mamlakatda karantin vaqtida avtotransport harakati bilan yangi tartib ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Endilikda avtotransport vositalarini boshqarish uchun berilaligan ruxsatnoma (stiker) uchun arizani masofadan turib, ya’ni onlayn tarzda topshirilishi bo‘yicha tizim joriy etildi.

Unga ko‘ra, maxsus ruxsatnomani berish bepul amalga oshiriladi.

Buning uchun onlayn shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida so‘rovnoma to‘ldirilishi lozim.

Tartibga ko‘ra, quyidagi turdagi avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma beriladi:

  • birinchi, oziq-ovqat mahsulotlari (jumladan tamaki va alkogol) va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchi ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi tadbirkorlar va u yerda ishlaydigan xodimlarning avtotransport vositalariga. Bunda dorixonalar uchun faqat har bir dorixonaga bir dona avtotransportga ruxsat beriladi;
  • ikkinchi, umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatini (kurer va «dostavka») ko‘rsatayotgan avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur korxonalarda doimiy ishlovchi xodimlarning shaxsiy avtotransportiga;
  • uchinchi, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli M1 toifadagi avtotransport vositalariga.

Shuningdek, ishlab chiqarish va texnologik jarayoni to‘xtatilishi mumkin bo‘lmagan korxonalar, gigiyenik niqob ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, dehqon bozorlarining xodimlariga tegishli vazirlik va idoralarning Adliya vazirligiga kiritadigan murojaatiga asosan alohida ruxsatnomalar rasmiylashtirib beriladi.

Bundan tashqari, maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish huquqi berilgan avtotransport vositalari ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Masalan, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning, tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat mashinalari va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalariga ruxsatnoma talab etilmaydi.

Bunda mazkur tashkilotlarning xodimlari ushbu ko‘rsatilgan tashkilotlarda faoliyat yuritayotganligi to‘g‘risidagi mehnat daftarchasi nusxasi va ish joyidan tasdiqlovchi hujjat asosida harakatlanadi. Ushbu xodimlar faqat ish joyiga yetib borish va uyga kelish maqsadida o‘z avtotransportidan foydalana oladi, ya’ni faqat xizmat yuzasidan harakatlanishiga yo‘l qo‘yiladi.

Xuddi shunday, mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi M1 (bir nafar yo‘lovchi bilan) toifadagi jismoniy shaxslarga tegishli shaxsiy avtotransport vositalariga ruxsatnoma talab etilmaydi. Bundan ko‘zlangan maqsad, bozorlarga oziq-ovqat mashulotlarini erkin kirib kelishini ta’minlash va narxlarning asossiz oshib ketishini oldini olishdir.

Maxsus ruxsatnomani olish tartibi, shuningdek avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati OAV orqali e’lon qilindi. Ular bilan batafsil tanishib chiqishingiz, unda belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilishingiz so‘raladi.

Shu bilan birga bugungi kundagi ijtimoiy masofalashuvni saqlash (jamoat joylarida ham 1,5−2 metr masofani saqlash), ko‘chalarga muhim zaruriyat bo‘lmaganda chiqmaslikka chaqiramiz.

Avtotransportlar harakatining cheklanishi noqulayliklar tug‘dirishi tabiiy, shu bilan birga respublikada koronavirusning keng tarqalib ketishini oldini olishda hozirgi sharoitda bu eng zarur va maqbul yo‘ldir.

Respublika maxsus komissiyasining xabar qilishicha, 30 martdan 20 aprelga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtotransport vositalari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanishi mumkinligi belgilanganidan so‘ng Toshkentdagi Davlat xizmatlari markazlari orqali 10000 dan ortiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali 6000 dan ortiq murojaatlar qabul qilindi.

Hozirga paytgacha 1 kun ichida tezkor ravishda 5500 ta ruxsatnomalar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazidagi Davlat xizmatlari markazlariga ko‘plab fuqarolar tashrifi kuzatildi.

Bu hol karantin talablarining buzilishiga, ko‘plab fuqarolarning bir vaqtning o‘zida bir joyda to‘planishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari aynan shu masalada fuqarolar tomonidan ko‘plab murojaatlar bo‘ldi.