«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga TED|Uzbek Language jamoasi tomonidan o‘zbek tilidagi subtitrlar joylashtirilgan TED chiqishlari va TED-Ed darslarini, hamda O‘zbekistonda tashkillashtirilgan TEDx loyihalaridan chiqishlarni havola qilib boramiz.

Xorijiy tildagi videolarda o‘zbek tilidagi subtitrlar avtomat ravishda yoqilgan. Agarda o‘zbek tilidagi subtitrlar chiqmayotgan bo‘lsa, sozlamalar qismidan uni yoqishingiz va o‘zbek tilini tanlashingiz kerak.

Hayotimni o‘zgartirgan sovg‘a (3 daqiqa)

Steysi Kramer bir qarashda xavfli va halokatli tuyuladigan hayotiy tajribaning bebaho sovg‘aga aylanishi haqidagi ta’sirli hikoyani so‘zlab beradi.

«True» so‘zining rostakam tarixi (4 daqiqa)

So‘z qanchalik eski bo‘lsa, uning tarixi ham shunchalik uzun va qiziqarlidir. «True» so‘zi qadimgi ingliz tilidan kelib chiqqan bo‘lib, u «betroth» (nikohlamoq), «truce» (yarashuv) va … «tree» (daraxt) kabi so‘zlar bilan bitta ildizga ega. Gap shundaki, daraxtlar chidamlilik va sodiqlik timsoli bo‘lgan, va bunday ma’nolarni aynan «true» (rost) so‘zi bera oladi. Jina Kuk «true» va «tree» so‘zlari o‘rtasidagi poetik munosabatlarni ta’riflab beradi.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.