Koronavirusga qarshi kurashishda tajribali janubiy koreyalik professor O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida ish boshladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, mutaxassis dunyoda kechayotgan pandemiya xuruj qilayotgan ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun va ertaga qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan maslahat olish, hamkorlikda ishni tashkil qilish hamda dunyo va Koreya Respublikasi tajribasi bilan mamlakatda qo‘llanilayotgan koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha bugungi metodologiyani uyg‘unlashtirishda ekspertlik ko‘magi ko‘rsatadi.

Koreya tibbiyot assotsiatsiyasi ilmiy-tekshirish qo‘mitasi raisi, ushbu assotsiatsiyaning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha shtabi yetakchi maslahatchisi Soy Chje Uk 30 martdan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini boshladi.

Ushbu xalqaro ekspert bilan hamkorlikda, shuningdek, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni samarali davolash va ularning xastalikdan tezroq forig‘ bo‘lishlari uchun yuqori tibbiy texnologiyalardan unumli foydalanishni yanada kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.