Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masala ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi qarori bilan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Uning tarkibiga parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, qo‘mitalar raislari, sohani chuqur biladigan deputatlar kiritilgan.

Ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar:

  • YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta’sirini chuqur tahlil qilish;
  • qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga YeOII bilan hamkorlikning mosligini o‘rganish;
  • hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ijobiy va salbiy ta’sirini batafsil yoritib berish;
  • YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonning boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligiga ta’sirini har tomonlama ko‘rib chiqish.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi Vazirlar mahkamasi tomonidan axborot-tahliliy ma’lumotlar bilan ta’minlab boriladi. Hukumat keng jamoatchilikning fikrini o‘rganib, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi masalasi yuzasidan fuqarolar hamda biznes hamjiyati o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazadi, va uning yakunlari yuzasidan tahliliy ma’lumotlarni taqdim etadi.

Qonunchilik palatasida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan iqtisodiy integratsiya masalasida O‘zbekiston iqtisodiyotining yirik tarmoqlari o‘rganiladi, yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, xorijiy va mahalliy mutaxassislarning takliflari hamda xulosalari olinadi.