O‘zbekiston prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni imzolanishi kutilmoqda.

Ushbu hujjat pandemiyaning O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholi turmush darajasiga salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan navbatdagi imtiyozlar, preferensiyalar va boshqa muhim chora-tadbirlarni nazarda tutishi aytilgan.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan farmon loyihasiga quyidagi chora-tadbirlarni kiritish ko‘rsatmasi berilgan.

  • yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta’minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
  • oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlarini ko‘paytirish va narxlari oshishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘lari kamayib ketishining oldini olish, ularga qo‘shimcha soliq imtiyozlari taqdim etish va boshqalar.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 19 martdagi farmoni bilan Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantirilishi, shuningdek bosh vazir rahbarligida Inqirozga qarshi respublika komissiyasi tuzilishi belgilangan edi.