O‘zbekiston Markaziy banki kredit tashkilotlariga aholining kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirish yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, deya xabar qildi MB matbuot xizmati.

Mazkur ko‘rsatma koronavirus pandemiyasining aholi va tadbirkorlik sub’ektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan.

Bunda kredit tashkilotlariga aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kredit to‘lovlari muddatlarini uzaytirishda faqat murojaatnomani taqdim etish bilan cheklanish lozimligi ta’kidlangan. Murojaatnomada:

  • kredit to‘lovlarini uzaytirish yuzasidan asoslantirilgan izoh;
  • karantin davri yakunlangandan so‘ng kredit tashkiloti tomonidan belgilangan muddat ichida kredit shartnomasiga kiritiladigan o‘zgartirishlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirish yuzasidan qarzdorning majburiyati qayd etilishi lozim.

O‘z navbatida, karantin davri tugagandan so‘ng belgilangan muddat ichida qo‘shimcha hujjatlarni qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilmagan taqdirda, kredit shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinishi va dastlabki shartnoma shartlari kuchga kiradi.

Xabarda qayd etilishicha, bugungi kunda tijorat banklari tomonidan murojaatlarni masofaviy qabul qilish tizimlari yaratilmoqda. Ushbu masofaviy xizmatlar to‘g‘risida banklarning veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.