28 mart kuni Qozog‘istonning Ko‘stanay shahrida «Chevrolet» brendi ostida UzAuto Motors avtomobillarining SKD yig‘ish boshlandi, deya xabar qildi «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

General Motors kompaniyasi UzAuto Motors bilan birgalikda «Cobalt» (avvalgi Ravon R4) oilaviy sedani, tijoriy foydalanish uchun «Damas» hamda «Labo» avtomobillari hamda premium sinfga mansub «Malibu» avtomobillari yangi modellarni ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Yangi modellarni ishlab chiqarish avvalroq Ravon «Nexia R3» avtomobili ishlab chiqarilgan «SarыarkaAvtoProm» MCHSh (Mas’uliyati cheklangan shirkati) quvvatlarida yo‘lga qo‘yildi. Barcha mahsulotlar General Motors kompaniyasi tomonidan belgilangan jahon standartlari asosida ishlab chiqariladi. Qayd etish joizki, Qozog‘istonda eng mashhur sanalgan Ravon «Nexia R3» avtomobili ham endilikda Chevrolet brendi ostida ishlab chiqariladi. Ushbu yo‘nalishdagi keyingi qadam Chevrolet modellar qatorini yangi istiqbolli Tracker va TrailBlazer va boshqa avtomobillari bilan to‘ldiriladi.

Konveyerni tantanali ravishda O‘zbekistondan teleko‘prik orqali ishtirok etgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Askar Uzakpayevich Mamin ishga tushirdi.

Dastlabki bosqichda ishlab chiqarish hajmi yiliga 26 ming transport vositasini tashkil qiladi, kelgusida uni 100 ming dona avtomobilga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek ishlab chiqarishning dastlabki yili davomida 13 ming avtomobillarni yaqin horij davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, loyiha 2020 yilning 26 fevral kuni Urganch shahrida chegaralararo hamkorlik Forumi doirasida Allur Group kompaniyalar guruhi hamda «O‘zavtosanoat» AJ o‘rtasida tashkil etilgan QK doirasida amalga oshirilmoqda. Avvalroq 2017 yilning mart oyida O‘zbekiston prezidentining Qozog‘istonga tashrif chog‘ida «Sarыarka AvtoProm» MCHSh ishlab chiqarish quvvatlarida avtomobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu davr mobaynida ichki va eksport bozorlariga mo‘ljallangan qiymati 85 mln dollar bo‘lgan 11 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.