Karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami — 7 157 ta holat aniqlangan. Bu haqda ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ular orasida Toshkent shahrida 1046 ta, Farg‘ona viloyatida 951 ta, Jizzax va Samarqand viloyatlarida 700 tadan ko‘p qoidabuzarliklar aniqlangan.

6885 ta holatda tibbiy niqob taqmaganlik uchun fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.185 ta holatda sanitariya va epidemiologiya qoidalariga rioya etmasdan savdo faoliyati davom ettirilgan, 106 ta holatda karantin hududi tashlab ketilgan.

Qoidabuzarliklar orasida marosim va yig‘in o‘tkazilgan holatlar ham bor. Ikkita holatda ijtimoiy tarmoqlarda vahima chaqiruvchi yoki asossiz ma’lumotlar tarqatish bo‘yicha fuqarolar javobgarlikka tortilgan.

Yuqoridagi kabi holatlar yuzasidan huquqbuzar fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi asosida jarima qo‘llangan.