Narxlar mo‘’tadilligini saqlash maqsadida departamentning barcha shaxsiy tarkibi safarbar qilingan. Narxlarni asossiz oshirgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimov shanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Departament tomonidan tegishli mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ijtimoiy muhim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash, ularga nisbatan ajiotaj talabining vujudga kelishining oldini olish borasida kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rib kelinmoqda.

Xususan, karantin e’lon qilingan vaziyatda prokuratura, departament va soliq idoralarining respublikadagi 215 ta dehqon bozori, 167 ta savdo majmuasi, dorixonalar, ulgurji savdo bazalari va tovar-xom ashyo birjalariga jami 2604 nafar xodim buyruq bilan biriktirilib, ular ushbu ob’ektlarda kuchaytirilgan rejimda o‘z xizmat vazifalarini olib borishmoqda.

Bozordagi narx navo va assortiment kunlik nazoratga olingan. Iste’mol bozorida narxlarni asossiz ravishda oshirmaslik to‘g‘risida qariyb 40 mingta tushuntirish tadbirlari o‘tkazilib, narxlarni oshirmaslik to‘g‘risida 23 mingdan ortiq tadbirkorlardan kafolat xatlari olingan.

Shuningdek, narxlar mo‘’tadilligini saqlash yuzasidan respublikaning barcha dehqon bozorlaridagi 27 turdagi tovarlarni sotish bo‘yicha 15−25 mart kunlari savdo yarmarkalari tashkil etilib, «Daladan dasturxongacha» tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinishi ta’minlandi.

Bu, o‘z navbatida, aholini arzon va kafolatli ravishda oziq ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda o‘zining ijobiy natijasini berdi, deya qayd etdi departament boshlig‘i Dilshod Rahimov

Kam ta’minlanganlarga esa beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda. Misol uchun, faqatgina hisobga olingan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan karantin davrida 19 tonna kartoshka, 14 tonna piyoz, 11 tonna sabzi, 4,5 tonna guruch, 19 tonna un, 1,5 tonna shakar, 5 tonna paxta yog‘i, 15 ming donadan ortiq qolipli non, qariyb 600 ming dona tibbiy niqob, salkam 8 ming dona tibbiy qo‘lqop, 3,5 ming donadan ko‘p antiseptik vositalari, 37,5 ming dona sovun va qariyb 14 tonna isiriq beg‘araz tarqatildi.

Respublika hududidagi 376 ta restoran 498 ta bar, 1612 ta kafe, qariyb 10 mingta oshxona, 1,5 mingta to‘yxona, 253 ta buyum bozori va savdo majmualari bo‘yicha reyd tadbirlari o‘tkazilib, barchasining faoliyati epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar to‘xtatib turilishi ta’minlanmoqda. Ushbu ob’ektlarning vaqtinchalik to‘xtatilishi ham bozorlarda mahsulotlarga bo‘lgan talabning pasayishiga olib keldi.

Tomorqa yer egalari va fermerlar bilan hamkorlikda mahsulotlarga talab oshgan holatlarda bozorni to‘yintirish, oziq ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirish maqsadida faqatgina 16−25 mart kunlari respublika bo‘yicha 5 ming tonnadan ortiq kartoshka, 2 ming tonnadan oshiq piyoz, 1,3 ming tonna sabzi, 114 tonna karam, 150 tonna tovuq go‘shti, 422 tonna mol va qo‘y go‘shti, 2,4 mln dona tuxum, 628 tonna guruch, 3 tonna olma ishlab chiqaruvchilar tomonidan maxsus rastalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervensiya qilindi (savdoga chiqarildi).

Karantin munosabati bilan transport vositalari harakati cheklangan sharoitda yuk avtomashinalari orqali oziq-ovqat mahsulotlarining to‘sqinliklarsiz yetkazib berilishi ta’minlanmoqda. Shu maqsadda departament va Ichki ishlar vaziriligi hamkorligida barcha blokpostlarda oziq-ovqat mahsulotlarini tashuvchi har qanday avtotransport vositalari uchun alohida yo‘laklar ajratilib, dehqon bozorlari va savdo nuqtalariga to‘sqinliklarsiz borishi ta’minlanmoqda.

Narxlarni asossiz ravishda oshirayotgan shaxslarga keskin choralar ko‘rilmoqda. O‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 728 ta holatda, shundan 102 tasi dorixonalarda, jami 2 mlrd so‘mga yaqin mahsulotlarning qimmat sotilishi aniqlanib, aybdor shaxslarga qonunda belgilangan keskin choralar ko‘rilib, tovarlarning arzon narxlarda aholiga sotilishi ta’minlandi.

Narxlar mo‘’tadilligini saqlash maqsadida departamentning barcha shaxsiy tarkibi safarbar qilingan. Narxlarni asossiz oshirgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Bugungi sinov davrida oziq ovqat mahsulotlari narxi mo‘’tadilligi ta’minlanib, ularga nisbatan sun’iy taqchillikni vujudga keltirish holatlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday vaziyatda barcha fuqarolar o‘z ehtiyojlariga yarasha mahsulotlarni sotib olishi va ortiqcha g‘amlab yo‘qish kayfiyatidan voz kechish lozim, deb o‘ylayman, deya xulosa yasadi Dilshod Rahimov.