O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda COVID-19 infeksiyasidan vafot etgan ikkinchi bemorga oid ayrim ma’lumotlarni e’lon qildi.

Xabarda qayd etilishicha, ushbu erkak bemorning yoshi 39 da bo‘lib, u Fransiyadan O‘zbekistonga birinchi kasallikni olib kelgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan.

U o‘z kasalligini dastlab bilgan bo‘lsa-da, o‘zi vrach bo‘la turib, yurtimizda olib borilayotgan shuncha targ‘ibot ishlariga qaramay, shifokorlarga murojaat etmay, uyida yashirincha o‘zicha davolanishga uringani ma’lum bo‘lgan, deyiladi xabarda.

U kasallikning og‘ir davri boshlangandan so‘nggina 26 mart kuni Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga tez yordam xizmati orqali yotqizilgan. 27 mart kuni esa Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tashhisi qo‘yilgan ilk bemor o‘tkir miokard infarktidan vafot etganэди. Namanganlik 72 yoshli ayol 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.