27 mart soat 10.00 dan boshlab viloyatlararo harakatlanish barcha transport vositalari (yengil avtotransport, avtobus, avia va temir yo‘l) uchun to‘xtatildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi. Yuk tashuvchi transport vositalari bundan mustasno.

Ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarning yuk avtomobillarida harakatlanishi ham taqiqlanadi, deya aniqlik kiritdi Transport vazirligi.

«Yurtdoshlarimizning zarur bo‘lmagan hollarda uydan chiqmasliklari, yashash hududlarini tark etmasliklarini so‘raymiz. Yuqoridagi harakatlarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infeksiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir fuqaroning salomatligini qat’iy muhofaza qilishga qaratilgan», — deyiladi IIV xabarida.

Avvalroq Toshkent, Andijon, Namangan, Samarqand, Qarshi, Guliston, Buxoro va Navoiyga kirish-chiqish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.