18 martdan boshlab, mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida aholini to‘plab pensiya tarqatmasdan, pensiya va nafaqa pullari aholi uylariga yetkazish boshlangan. Bu haqda Xalq bankining pul muomalasi va kassa operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Oltiboy Sharipov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi. Pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun Markaziy bankdan sterillangan naqd pullar olinib, sterillangan paketlarda tarqatiladi.

27 mart holatiga ko‘ra, 2 trln 107 mlrd so‘mlik yoki 99 foiz pensiya mablag‘lari naqd pul shaklda tarqatib berilgan va 405 mingga yaqin pensionerlarga 252,8 mlrd so‘m bank kartalari orqali to‘langan.

«Aprel oyidan boshlab oldingidek ko‘chma kassa orqali pensiyalarni tarqatishda mahalladagi nafaqaxo‘rlarning barchasini yig‘maymiz. Bu alohida ko‘chalar va uylar bo‘ylab amalga oshiriladi. O‘n kishidan ortiq odam to‘planmaydi. Bu borada bizga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi yordam beradi», — deydi Sharipov.

Barcha sayyor kassalar xodimlari va avtomashina haydovchilari tibbiy himoya maskasi va qo‘lqop, spirtli antiseptik vositalar bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, virus tarqalish xavfini kamaytirish uchun kontaktsiz to‘lov usullaridan foydalanish doirasida Xalq banki pensiya va nafaqa oluvchilar qulayliklar yaratishga harakat qilayotganligi bildirilgan.

Jumladan, pensionerlar bepul pensiya overdraft kartasini ochish imkoniyatiga ega bo‘ladilari. Bunda, karta hisobida pul qolmaganda, oylik pensiya miqdorining 50 foizigacha overdraft krediti olish imkoniyati mavjud. Pensiya kartasidagi qoldiq mablag‘ga Xalq banki tomonidan yillik 8% ustama haq to‘lanadi.