27 mart soat 07:00 holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 3649 ta karantin qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlandi, deya xabar berdi IIV Tergov departamenti matbuot xizmati. Ushbu holatlar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 462, 53, 54-moddalariga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur huquqbuzarliklarning 538 tasi Samarqand viloyati, 506 tasi Farg‘ona viloyati, 476 tasi Toshkent shahri, 415 tasi Jizzax viloyati, 316 tasi Andijon viloyati, 281 tasi Namangan viloyati, 276 tasi Buxoro viloyati, 259 tasi Toshkent viloyati, 221 tasi Surxondaryo viloyati, 141 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 104 tasi Navoiy viloyati, 53 tasi Sirdaryo viloyati, 52 tasi Xorazm viloyati va 11 tasi Qashqadaryo viloyati hisobiga to‘g‘ri keladi.

Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning yoshi tahlil qilinganda, ularning 55 nafari 18 yoshgacha, 1577 nafari 18−30 yosh, 1381 nafari 31−50 yosh hamda 636 nafari 50 va undan yuqori yoshdagi fuqarolar tashkil qilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, mazkur huquqbuzarliklarning 3401 tasi tibbiy niqob taqmasdan yurish bilan bog‘liq, 117 tasi karantin hududini tashlab ketish bilan bog‘liq, 102 tasi sanitariya va epidemiya qoidalariga zid ravishda savdo faoliyatini davom ettirish bilan bog‘liq, 18 tasi marosim yoki yig‘in o‘tkazish bilan bog‘liq, 1 tasi ijtimoiy tarmoqlarda vahima chaqiruvchi yoki asossiz ma’lumotlar tarqatish hamda 10 tasi boshqa sabab bilan bog‘liq aniqlangan huquqbuzarliklar hisoblanadi.

Shuningdek, ayrim fuqarolar tomonidan sanitariyaga oid qonun hujjatlari yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzilganligi sababli Jinoyat kodeksining 2571-moddasi bilan 3 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan (Samarqand viloyati — 2 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1 ta) bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.