O‘zbekistonda fuqarolar sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lmagan hollarda (xizmat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari hamda jamoat tashkiloti xodimlaridan tashqari), uyidan tashqariga chiqishi cheklanadi. Bu Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qaroridan o‘rin olgan.

Koronavirus Info rasmiy Telegram-kanalida xabar qilinishicha, o‘ta zarur hollardagina ko‘chaga chiqqanda (dorixona, oziq-ovqat do‘konlari) — shaxsiy himoya vositasi (niqob)da bo‘lishi shart. Bordiyu fuqarolar uyidan tashqariga shaxsiy himoya vositasi (niqob)siz chiqsa, qonunda belgilangan tartibda jarimaga tortiladi. Ya’ni, bazaviy hisoblash miqdorining besh barobari miqdorida — 1 115000 ming so‘m jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, epidemiologik holatni inobatga olgan holda, fuqarolar o‘zaro muloqot chog‘ida ikki metr masafo saqlashi shart. Ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishiga cheklov o‘rnatiladi. Bu ta’qiq bir vaqtda harakatlanayotgan oilaga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Respublika hududidagi barcha ko‘ngilochar ob’ektlar, shu jumladan restoran, kafe, oshxona, choyxona, singari tadbirkorlik sub’ektlari (uyga yetkazib berish xizmati bundan mustasno) mamlakatdagi epidemiologik holat barqarorlashmaguniga qadar faoliyatini to‘xtatmay, davom ettirayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilmoqda.