O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Vazirlikning axborot xizmati xabar berishicha, ushbu qaror liberalizatsiya va bozor sharoitida iqtisodiyotni maqsadli boshqarishning shaffof mexanizmlarini yaratish zaruriyati tug‘ilganligi sababli qabul qilingan.

Bundan tashqari, mavjud muammolarni aniqlash va ularni hal qilish bo‘yicha tizimni ishlab chiqish, barcha idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish talab etilmoqda.

Yangi vazirlikning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • makroiqtisodiy siyostani ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • kambag‘allikni qisqartirish;
  • hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti;
  • tadbirkorlikni rivojlantirish;
  • sanoatning ilg‘or sohalarini rivojlantirish va yagon industrial siyosatni amalga oshirish;
  • davlat ulushi bor korxonalarni islohot qilish;
  • davlatning investitsion siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • infratuzilmani rivojlantirish shaharlashtirish siyosatini amalga oshirish;
  • biznes-muhit va mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash;
  • jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy aloqalarni faollashtirish.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston fuqarolarining yashash sharoitlari va ijtimoiy ahvoli o‘rganilib, ijtimoiy ahvoli tang aholi qatlamlarining ro‘yxati tuziladi.

2020 yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi. Kelgusida ushbu yo‘nalishga mo‘ljallangan mablag‘lar davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.

Bir oy davomida kam ta’minlangan va ishsiz aholi qatlamlari, asosan ayollar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasbiy ta’lim bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

Vazirlik tomonidan davlat zahiralarini boshqarish tizimini takomillashtirish va mahsulotlar narxi keskin oshishining oldini olish bo‘yicha mexanizmlar nazarda tutilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

1 oktyabrga qadar yangi vazirlik tomonidan to‘rtta muhim hujjat ishlab chiqilishi belgilangan: «O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha «Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi» va «Sanoatni rivojlantirish strategiyasi», «Kambag‘allikni qisqartirish dasturi» va 2021 yildan boshlab barcha hududlarda iste’mol savatchasi va tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorlar joriy qilinishini ko‘zlagan prezident qarorining loyihasi.

Endilikda barcha soha va hududlarning rivojlanishi bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli konsepsiyalar, strategiyalar va dasturlar yangi vazirlik bilan kelishilgan holatda qabul qilinishi kerak.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliggi raqobatni qo‘llab-quvvatlash va monopoliyaga qarshi kurash, yer munosabatlari, texnik reglamentlarni qabul qilish, geologik ishlarni olib borish, davlat aktivlarini boshqarish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishda boshqa davlat organlariga ko‘maklashadi. Adliya vazirligi bilan birgalikda ma’muriy islohotlarga mas’ul bo‘ladi.

Vazirlik tarkibidagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi barcha hududlardagi filiallari bilan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi sifatida qayta tashkil etiladi.

Urbanizatsiya agentligi faoliyati to‘xtatiladi va uning vazifalari vazirlikning o‘ziga yuklanadi.