«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga TED|Uzbek Language jamoasi tomonidan o‘zbek tilidagi subtitrlar joylashtirilgan TED chiqishlari va TED-Ed darslarini, hamda O‘zbekistonda tashkillashtirilgan TEDx loyihalaridan chiqishlarni havola qilib boramiz.

Xorijiy tildagi videolarda o‘zbek tilidagi subtitrlar avtomat ravishda yoqilgan. Agarda o‘zbek tilidagi subtitrlar chiqmayotgan bo‘lsa, sozlamalar qismidan uni yoqishingiz va o‘zbek tilini tanlashingiz kerak.

O‘zligicha bo‘lish yomon degani emas

Farhodning sog‘lom o‘g‘li to‘satdan kasallikka chalinadi. Buning sababini tushunish maqsadida ko‘plab shifokorlarga murojaat qilishadi, ammo Muhammadalidagi (Farhodning o‘g‘li) o‘zgarishlarni hech kim tushuntirib bera olmaydi. Lekin, aniqsizlik mehribon otani to‘xtatib qolmaydi. Oxir-oqibat «autizm» tashxisi qo‘yilgan Muhammadali otasini o‘z hayotini autist bolalar huquqlari uchun kurashga bag‘ishlashga undadi. Jamiyatni ijtimoiy inklyuzivlik sari o‘zgartirish vaqti kelganligi haqidagi hikoya.

G‘alatimi yoki shunchaki boshqacha?

«Tanganing ikki tarafi bor», — deyiladi maqolda. 2 daqiqa ichida Derek Sivers ushbu maqolning hayotiy ekanligini kutilmagan misollarda tasdiqlab beradi.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.