O‘zbekistonda koronavirusdan birinchi bemor vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, 26 mart kuni surunkali kasalliklari bilan dispanser nazoratida bo‘lgan namanganlik 72 yoshli R. koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Shu kuni soat 23:00 lar atrofida maxsus laborator tahlillar natijasida unda ushbu infeksiya aniqlangan. Bemorga ushbu infeksiya 12 mart kuni Turkiya safaridan qaytgan va kasalligi tasdiqlanib, karantinga olingan qizi M.dan yuqqanligi dalillangan.

Bemor uzoq yillar davomida qandli diabet, surunkali o‘tkir yurak yetishmovchiligi va boshqa kasalliklar bilan davolanib kelgan. 27 mart kuni soat 4:30 da shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan o‘tkir miokard infarktidan vafot etgan.