27 mart kuni, soat 16:30 da Andijon shahar markaziy poliklinikasida yong‘in ro‘y bergan (video). Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

«Shahar aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi mazkur tibbiyot muassasasi karantin munosabati bilan sanitariya talablari asosida ish faoliyati chegaralangan holda faoliyat olib borayotgan edi», — deya xabar bergan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga qaraganda, 4-qavatdagi bosh hamshira xonasida joylashgan sovitgich (xolodilnik) va kompyuterlarning elektr tarmog‘iga ulangan joyida qisqa tutashuv ro‘y berib, qisqa fursatli yong‘in yuz bergan.

Poliklinikadagi tibbiyot xodimlari va bemorlar zudlik bilan tashqariga ko‘chirilgan. Hech kim jarohat olmagan. Katta miqdordagi moddiy zarar ham yetkazilmagan, deyiladi xabarda. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Markaziy poliklinika faoliyati bo‘yicha xizmatlar Andijon shahrining boshqa mavjud 8 ta oilaviy poliklinikalariga taqsimlangan.