«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga TED|Uzbek Language jamoasi tomonidan o‘zbek tilidagi subtitrlar joylashtirilgan TED chiqishlari va TED-Ed darslarini havola qilib boramiz.

Videolarda o‘zbek tilidagi subtitrlar avtomat ravishda yoqilgan. Agarda o‘zbek tilidagi subtitrlar chiqmayotgan bo‘lsa, sozlamalar qismidan uni yoqishingiz va o‘zbek tilini tanlashingiz kerak.

Yangi til o‘rganishning to‘rt sababi

Ingliz tili juda tez sur’atlarda dunyo tiliga aylanmoqda va tarjima texnologiyalari ham yildan-yilga yanada yaxshilanib boryapti. Xo‘sh, shunday bir paytda nega chet tilini o‘rganishimiz zarur? Jon MakVorter, lingvist va Kolumbiya universiteti o‘qituvchisi, chet tillarini o‘rganish muhimligining 4 ta sababini keltiradi.

Men kimman? Falsafiy qarash

Insoniyat tarixi davomida «sub’ekt» mavzusi shoirlarni qog‘oz bilan qalam olishga, faylasuflarni keng maydonda bahslashishga yetaklagan. Mavhum tafakkur daryosida suzish og‘ir, balki yunon tarixchisi Plutarx aynan shu sabab ham ushbu mavzuni yoritishda kema haqidagi afsonani qo‘llagan. Emi Adkins Plutarxning Tesey kemasi haqidagi hikoyasini so‘zlab beradi.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.