O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ma’qulladi. Ma’muriy va jinoiy kodekslarga tuzatishlar kiritish masalasi seshanba kuni videokonferensaloqa rejimida o‘tgan yalpi yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.

Jinoyat kodeksini xavfli infeksiyalar haqida mish-mish va yolg‘on xabarlar tarqatganlik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 244−5-modda joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra endilikda karantin va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

257−1-moddaga asosan esa sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan:

  • karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish;
  • karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;
  • kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik

odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, kodeksning 292-moddasi quyidagi so‘zlar bilan to‘ldirildi: «Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida sanitariya va epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan, tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi mumkin. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘talishi ta’minlanadi. Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanadi».

Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kodeksning 54-moddasida belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.