27 mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Andijon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Andijon shahridan Respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi. Bu haqda Andijon viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Andijon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:

  • yuk tashish bilan bog‘liq hollarga
  • Andijon shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Andijon shahriga kirish uchun;
  • viloyat tumanlaridan Andijon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari;
  • viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan ma’sul xodimlarga.

Shahar hududiga kirish va chiqish joylarini mutaxassislar bilan ta’minlash hamda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi. Andijon shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalarini majburiy dezinfeksiya qilinadi.

Andijon viloyatida obodonlashtirish va qurilish ishlarida ishlayotgan quruvchilar, ishchilar va muhandislar uchun yotoqxona va zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi. Tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, ikki oy davomida o‘chirilmaydi.

Shahar va tumanlardagi dehqon bozorlari va oziq-ovqat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirilishida alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi ta’minlanadi.