«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘zbekistonliklarning koronavirus infeksiyasi haqida xabardorligini o‘rganish maqsadida telefon so‘rovlari o‘tkazdi. Markaz so‘rov yakunlarini «Gazeta.uz» bilan o‘rtoqlashdi.

Ikki bosqichda o‘tkazilgan tadqiqotda (I bosqich — 26 fevraldan 2 martgacha, II bosqich -16−20 mart kunlari) mamlakatning barcha mintaqalarida yashovchi, 18 va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar, yoshlar va kattalar ishtirok etdi.

Telefon so‘rovi davomida aniqlandiki, fuqarolarning 75,4 foizi koronavirus infeksiyasi to‘g‘risida yetarlicha, to‘la darajada xabardorlar, so‘rovning har beshinchi ishtirokchisi «nimalarnidir eshitganini, lekin batafsil bilmasligini» bildirdi.

Telefon so‘rovi koronavirusning yuqish yo‘llari haqida fuqarolarning yuqori xabardorlik darajasini aniqlab berdi, so‘rov ishtirokchilarining mutlaq ko‘pchiligi (93,9 foizi) infeksiyani kasallangan bemor orqali yuqtirish mumkinligini, virus havo-tomchi yo‘li bilan yuqishini, virus bor joyga tekkizilgan qo‘l bilan yuz, ko‘z, og‘iz va burunni ushlaganda yuqishini yaxshi bilishadi.

Monitoring koronavirusning yuqish yo‘llaridan xabardor fuqarolar sonining 23,6%ga o‘sganligini aniqladi.

Telefon so‘rovida olingan dastlabki ma’lumotlarga muvofiq koronavirus haqida asosiy axborot manbasi televideniye edi va shunday bo‘lib qolmoqda, har ikkinchi respondent (53,6%) koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘rsatuvlardan olayapti. 29,7 foiz respondent COVID-19 haqidagi ma’lumotlarni internetdan olmoqda.

«O‘zbekiston OAVlarida koronavirus infeksiyasi haqida yetarlicha ma’lumot berilayaptimi?» degan savolga so‘rov ishtirokchilarining mutlaq ko‘pchiligi — 92 foizi — ijobiy javob berdilar. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolar soni so‘rovning ikkinchi bosqichini o‘tkazish davomida 25,5 foizga o‘sdi.

Ishtirokchilarning 68,1 foizi davlatning koronavirus infeksiyasidan ogohlantirish, uni aniqlash va kasallikning tarqalishiga chek qo‘yishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarini ijobiy baholaydi.

Mintaqaviy kesimda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fuqarolarning yuqori baholari Qoraqalpog‘iston Respublikasida (85,7%), Jizzax (81,3%), Navoiy (81,3%) va Sirdaryo viloyatlarida (76,9%) aniqlandi, ushbu hududlarda ularning mintaqalarida zarur barcha chora-tadbirlar ko‘rilayapti, deb hisoblovchilar soni mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoridir. Past ko‘rsatkichlar Toshkent va Andijon viloyatlarida hamda Toshkent shahrida aniqlandi.