Ai-91, Ai-92 va Ai-95 benzinlarining narxi 200 so‘m yoki 3%ga pasayishi kutilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz»ga neft va gaz sohasidagi manba xabar berdi.

Yangi narxlar hafta oxirigacha e’lon qilinishi kutilmoqda. Manbaning ma’lum qilishicha, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi yoqilg‘i narxini pasaytirishidan maqsad aholining xaridorlik quvvatiga salbiy ta’sir bo‘lishining oldini olish.

O‘z navbatida, kelajakda narxlarga koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida iste’molchilarning yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojining o‘zgarishi ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yoqilg‘i narxining kelajakda arzonlashishining yana bir omillaridan biri — taklifning talab hajmidan oshishi. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-fevral oylarida avtomobil benzinini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 25,5%ga — 151,6 ming tonnadan 190,3 ming tonnagacha oshgan. Talab esa pastroq suratda o‘smoqda.

Hozirgi kunda Ai-80 benzinining narxi 4500 so‘m, Ai-91 — 5800 so‘m, Ai-92 — 6200 so‘m, Ai-95 — 6 585 so‘m. Ai-80 benzinining narxi o‘zgarishsiz qolishi kutilmoqda.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, aprel oyida dizel va EKO dizel yoqilg‘ilarining narxi ham pasaytirilishi rejalashtirilmoqda. Oldinroq import qilinadigan dizel narxi 7500 so‘mdan 7300 so‘mga arzonlashgan edi.

O‘zbekistonda avtomobil benzini (Ai-80, Ai-91, Ai-92 i Ai-95) va dizel yoqilg‘isi Farg‘ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi.

Oldinroq hukumat tomonidan Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodiga mustaqil ravishda o‘z mahsulotlarining (Ai-80, Ai-91, Ai-92 benzinlari, B-92, mazut, dizel yoqilg‘isi, motor moylari, bitum va boshqalar) narxlarini belgilash huquqi berilgan edi. Bundan tashqari, Indoneziyalik PT Trans Asia Resources bilan ushbu zavodning sotuvi borasida kelishuv imzolangan.

15 avgustdan boshlab Ai-91 benzinining narxi birja savdolari orqali belgilanmoqda.