Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov aholiga qilgan murojaatida hech kim koronavirus kasalligidan kafolatlangan emasligini ta’kidladi.

25 mart ertalab soat 9:00 holatiga ko‘ra koronavirus aniqlangan bemorlar soni 55 nafarni tashkil etdi. Ushbu bemorlarning barchasi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolash muolajalarini olmoqda.

«Hozirgi daqiqalarda 13 nafar bemorda o‘pka yallig‘lanishi — pnevmoniya alomatlari kuzatilayapti. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Ular intensiv-terapiya muolajalari olmoqda», — dedi Otabekov.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davolash profilaktika muassasalarida, profilaktoriyalarida, sanatoriyalarida tashkil etilgan maxsus izolyatorlarda hammasi bo‘lib 20 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlarini o‘tayapti. Ular tibbiy kuzatuvga olingan.

«Doka niqoblardan foydalanish, odamlar bilan muloqotda bo‘lganda masofani ushlash kerakligini qayta-qayta eslatayapmiz. Shunga qaramy, doka niqoblarni taqishga yuzaki qarash, bu niqoblarni taqish qoidalariga rioya qilmaslik, shunchaki bo‘yniga, og‘ziga yoki iyagiga ilib qo‘yish holatlari uchrayapti», — dedi Otabekov.

«Kasallanish soni ortib borayotganini ko‘rib turibsiz. Qachonki virus bir odamdan ikkinchi odamga yuqishi davom etarkan uning kasallik chaqirish qobiliyati ortib boradi. Kasallikni keyin yuqtirib olgan bemorda og‘ir kechishi, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkinligini zinhor yoddan chiqarmang», — dedi bosh davlat sanitariya inspektori, 25 martdan boshlab jamoat joylarida niqobda bo‘lmagan shaxslar javobgarlikka tortilishi haqida eslatib.

«Bugundan boshlab, doka niqoblarni, himoya vositalarini taqmaganganlarga nisbatan jazo qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan. Har biringiz o‘z salomatligingiz, oilangiz, yaqinlaringiz salomatligi uchun mas’ul ekaningizni, qolaversa respublikada epidemik vaziyatni barqaror ushlash bo‘yicha ham har biringiz mas’ul ekaningizni yana bir bor eslatib o‘tamiz. Shuni unutmangki, bu kasallikdan hech kim kafolatlangan emas. Har birimiz kasallikka chalinish ehtimoli borligini yodda tuting va ehtiyotingizni qiling», — dedi u.