Koronavirusga qarshi kurash doirasida Namangan viloyati hokimining farmoyishi bilan 26 mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Namangan shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Namangan shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Namangan shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:

  • yuk tashish bilan bog‘liq hollarga;
  • Namangan shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Namangan shahriga kirish uchun;
  • viloyat tumanlaridan Namangan shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari;
  • viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan ma’sul xodimlar.

Xabarda aytilishicha, Namangan shahriga kirish va chiqish joylariga vaqtinchalik postlarning faoliyati tashkil qilinadi. Shahar hududiga kirish va chiqish joylari mutaxassislar bilan ta’minlanadi hamda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi.

Shahar hududiga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalari majburiy dezinfeksiya qilinadi.

Shaharda tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, ikki oy davomida o‘chirilmaydi.

Namangan shahridagi «Chorsu» va «Yashil» dehqon bozorlari va oziq-ovqat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirilishida alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi ta’minlanadi.