Koronavirus pandemiyasi va global inqirozning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi biznes uchun «fors-major» rejimini joriy etishga qaror qildi. Bu haqida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Xususasan, qarorga binoan, tadbirkorlik sub’ektlariga Yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari sertifikatlarini berish boshlanadi. Sertifikatni bir kunda olish mumkin (agar fors-major holati koronavirus bilan bog‘liq bo‘lsa).

Agar tomonlardan biri kelishuvga erisha olmasa, yengib bo‘lmaydigan kuchlar holatini tasdiqlaydigan sertifikatni olish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritib borayotgan tadbirkor sub’ektlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga murojaat qilishi mumkin, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan Yengib bo‘lmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, fors-major — bu tomonlarning irodasi va faoliyatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiat hodisalari (zilzila, ko‘chki, bo‘ron, qurg‘oqchilik va boshqalar) yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatlar (urush holati, qamal, davlat manfaatlarini ko‘zlab import va eksportni taqiqlash va boshqalar) sababli yuzaga kelgan sharoitlarda tashqi savdo bitimlari (shartnomalar) va xalqaro shartnomalar bo‘yicha tomonlarga qabul qilingan majburiyatlarni bajarish imkonini bermaydigan favqulodda, oldini olib bo‘lmaydigan va kutilmagan holatlardir.

Bunday holatlarga qarzdorning kontragentlari tomonidan majburiyatlarning buzilishi, bozorda majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan tovarlarning yo‘qligi va boshqalar kirmaydi.

Shu bilan birga, tomonlardan birida yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlari yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar bilan kelishib olishga harakat qilishlari mumkin (masalan, shartnoma majburiyatlarini o‘zgartirish orqali majburiyatlarni bajarish muddatini uzaytirish).