«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga TED|Uzbek Language jamoasi tomonidan o‘zbek tilidagi subtitrlar joylashtirilgan TED chiqishlari va TED-Ed darslarini havola qilib boramiz.

Videolarda o‘zbek tilidagi subtitrlar avtomat ravishda yoqilgan. Agarda o‘zbek tilidagi subtitrlar chiqmayotgan bo‘lsa, sozlamalar qismidan uni yoqishingiz va o‘zbek tilini tanlashingiz kerak.

«Men aviahalokatda o‘rgangan uch muhim narsa»

Rik Elias aviahalokatga uchragan samolyotning oldi o‘rindig‘ida edi. O‘shanda samolyot 2009 yil yanvarda Nyu-Yorkdagi Hadson daryosiga favqulodda qo‘ngan. Samolyot qulashi davomida uning ongidan nimalar kechdi? TED platformasida u o‘z hikoyasini birinchi marta ommaga oshkor qiladi.

«Iqtisodiy retsessiyaga nima sabab bo‘ladi?»

Ming yillar davomida Angliya xalqi bronzadan asboblar va zargarlik buyumlari yasashda hamda savdo-sotiq uchun pul sifatida foydalangan. Biroq miloddan avvalgi 800 yil atrofida, vaziyat o‘zgarishni boshladi: bronzaning qiymati pasayib, ijtimoiy tanglik va iqtisodiy inqirozni — retsessiyani keltirib chiqardi. Xo‘sh, retsessiyaga nima sabab bo‘ladi? Richard Kofin zamonaviy bozorlarimizga ta’sir ko‘rsatadigan iqtisodiy tebranishlar haqida ma’lumot beradi.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.