Ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan chiqindi to‘kish joyida ishlatilgan tibbiy niqoblarni yig‘ib, yelim xaltaga to‘playotgan kishining videosi tarqalgan edi. Bu tasvirga oydinlik kiritish maqsadida surishtiruv ishlari olib borilgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, video 8 mart kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘tkinchi yo‘lovchilar tomonidan tasvirga olingan.

Surishtiruvlari natijasida ushbu shaxsning kimligi aniqlangan. Uning ancha yildan beri ruhiy kasalliklar dispanseri hisobida turgani va ikkinchi guruh nogironi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mahalla raisi Farhod Xudoynazarov ma’lum qildi.

«Lekin maskalarni olib kelib mahallalarda sotmaydi. Inspektor bilan kelib suhbat o‘tkazib ketganmiz 2−3 marta», — dedi mahalla raisi. U tibbiy niqoblarni yig‘ib nima qilgani haqidagi savolga «makulaturaga topshirgan», deya javob berdi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati fuqarolardan foydalanilgan tibbiy niqoblarni imkon qadar yo‘q qilish yoki yaroqsiz holga keltirishni so‘radi.