Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining biotexnologlari tomonidan COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test sistemasi ishlab chiqildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.

«Olimlar innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning topshirig‘iga binoan, bundan taxminan bir oy oldin virusning butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgani, virusning O‘zbekistonga ham kirib kelish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda test sistemasini ishlab chiqish ustida ish boshlagan», — deyiladi xabarda.

Mahalliy test sistemasini yaratish jarayonida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqarilgan ijobiy test namunalari tezkor yetkazib berildi.

Qayd etilishicha, mazkur test tizimi JSST hamda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan. Test sinovlarini o‘tkazish va shtamni tartiblash bosqichlaridan so‘ng ushbu mahaliy test tizimini ro‘yxatdan o‘tkazib ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test tizimining afzalligi uning tezkorligidadir. Butun jarayon taxminan 5−6 soat vaqtni oladi. Ta’kidlanishicha, bu ekspress test emas, balki faqat maxsus laboratoriyalarda foydalanish mumkin bo‘lgan to‘laqonli test bo‘ladi.