Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli 21 kunlik umummilliy karantin e’lon qildi. Turar joylarni tark etishni taqiqlash to‘g‘risida qaror kuchga kirishidan to‘rt soat avval e’lon qilindi, deya xabar berdi BBC rus xizmati.

Karantin 25 mart kuni yarim tundan boshlandi. Mamlakatning barcha aholisi ushbu davr mobaynida har qanday sabab bilan uylarini tark etishi taqiqlandi.

Narendra Modi: «Agarda Hindiston kelgusi 21 kun buning uddasidan chiqa olmasa, biz 21 yil orqaga uloqtirilamiz», — dedi xalqqa murojaatida.

Hindistonda avvalroq koronavirus sababli cheklov choralari joriy etilgan edi. So‘nggi kunlarda bosh vazir fuqarolarni ko‘ngilli ravishda komendantlik soatiga rioya qilishga chaqirdi.

Narendra Modi tibbiy infratuzilmalarga sarflash uchun qariyb 2 mlrd dollarlik jamg‘arma tuzilishini ma’lum qildi.

Hindiston Sog‘liqni saqlash va oilaviy farovonlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 476 kishi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan, ularning 10 nafari vafot etgan bo‘lsa, 40 nafari sog‘ayib, kasalxonalarni tark etgan.