25 mart kuni charter reysi bilan Istanbuldan Farg‘onaga uchgan 63 yoshli nogironligi bo‘lgan fuqaro yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, fuqaro F.ning ahvoli samolyotda og‘irlashgan. Unda yurak yetishmovchiligi, oyoq va qo‘llarida harakatsizlik kuzatilgan. Bu haqda xabar olingach, Farg‘ona shahar halqaro aeroportiga maxsus jihozlangan reanimobil tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib kelgan.

Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Mashina ichida unga yurak, nafas tizimini yaxshilash uchun muolajalar bajarilib, defibrilyatsiya amaliyoti tezkorlik bilan o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha o‘tkazilgan muolajalarga qaramasdan, bemor vafot etgan.

Unga bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda.