Dunyo bo‘ylab COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 420 ming nafardan oshdi. Bu haqda yangi koronavirusning real vaqt rejimida tarqalishini kuzatuvchi Jons Xopkins universiteti ma’lumotlari dalolat beradi.

Jumladan, ayni paytgacha sog‘ayib ketganlar soni qariyb 110 ming nafarga yetdi, vafot etganlar soni esa 19 ming kishiga yaqin.

Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 6 mart kuni koronavirusning umumiy bemorlari soni 100 ming nafar kishini tashkil etgan bo‘lsa, 18 mart kuni 200 ming kishi va 21 mart kuni bu ko‘rsatkich 300 mingdan oshdi.

Eng ko‘p koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan bemorlar Xitoy, Italiya, AQSH va Ispaniya davlatlarida qayd etilgan. Rossiyada umumiy kasallanganlar soni 500 nafarga yetdi.

Qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatgichlar quyidagicha: Qozog‘istonda qariyb 80 kishi, Qirg‘izistonda esa hozirgi paytga qadar 42 nafar kishi yangi koronavirus infeksiyasiga chalingan. Turkmaniston va Tojikistonda koronavirus bilan kasallanganlar holati hozirgi kunga qadar qayd etilmadi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 5 nafarga oshib, ularning umumiy soni 55 nafarni tashkil etmoqda.