Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekiston respublikasida koronavirus qayd etilgan bemorlar soni 25 mart ertalab soat 9:00 holatida 55 nafarni tashkil etdi. Ushbu bemorlarning barchasi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolash muolajalarini olmoqda.

Mazkur institut rahbariyatining ma’lum qilishicha, hozirgi daqiqalarda 13 nafar bemorda o‘pka yallig‘lanishi — pnevmoniya alomatlari kuzatilayapti. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Ular intensiv-terapiya muolajalari olmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davolash profilaktika muassasalarida, profilaktoriyalarida, sanatoriyalarida tashkil etilgan maxsus izolyatorlarda hammasi bo‘lib 20 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlarini o‘tayapti. Ular tibbiy kuzatuvga olingan.