Jahon fond bozorlaridagi tebranishlar va neft narxining keskin pasayishi oqibatida O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlarining milliy valyutalari, rubl va tenge almashinuv kursining sezilarli o‘zgarmoqda. Lekin, bu holat mamlakat valyutasiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Markaziy bank buning sabablarini ko‘rsatib o‘tdi.

«Rubl va tenge qadrsizlanishi, mehnat resurslari harakatiga cheklovlar joriy etilishiga va buning natijasida chetdan kirib keladigan pul o‘tkazmalarining vaqtincha pasayishiga qaramay, almashuv kursining hozirgi dinamikasi hamda ichki valyuta bozorida keskin tebranishlar kuzatilmadi», — deyiladi regulyator xabarida.

Ushbu holatni quyidagilar bilan izohlash mumkin:

  • Birinchidan, kutilayotgan global iqtisodiy pasayish va pandemiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar iqtisodiy faollikning pasayishiga olib keladi. Bunda import va shunga mos ravishda xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning ham pasayishi kuzatilmoqda;
  • Ikkinchidan, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va koronavirusning sezilarli ta’siri bo‘lgan sektorlarda kreditlarni qaytarish jadvallarining qayta ko‘rib chiqilishi va muddatlarining uzaytirilishi hisobiga bank kreditlariga bo‘lgan talabning avval prognoz qilingan ko‘rsatkichlarga nisbatan sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda;
  • Uchinchidan, inqirozga qarshi jamg‘armani shakllantirishda asosan tashqi manbalarga urg‘u berilayotganligi valyuta bozoriga qo‘shimcha taklif olib keladi;
  • To‘rtinchidan, oltin narxining o‘sishi hisobiga Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari neytralligi tamoyili asosida amalga oshiriladigan doimiy valyuta intervensiyalari hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan o‘rtacha 30 foizga oshishiga imkon yaratadi.

Ayni paytda jismoniy shaxslar tomonidan banklardan sotib olinayotgan valyuta hajmining nisbatan oshishi yuqori devalvatsion kutilmalar bilan izohlanib, kelgusida rubl va tenge almashuv kursining barqarorlashuvi va o‘z navbatida, devalvatsion kutilmalarning pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.

Kelgusida so‘m almashuv kursi shakllanishi iqtisodiyotning importga bo‘lgan talabi, eksport va pul o‘tkazmalaridan valyuta tushumlariga darajasi bilan bog‘liq. Bugungi kungacha qilingan tahlillar milliy valyuta almashuv kursi dinamikasida ma’lum bir kichik to‘g‘rilanishlar bo‘lishi mumkinligini va so‘mning keskin devalvatsiyasi bo‘yicha ehtimollarning yuqori emasligini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank joriy vaziyat va iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda, koronavirus pandemiyasining ichki valyuta bozoriga ta’sirini tegishli ravishda baholab, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan zaruriy choralarni ko‘rib borishini ma’lum qilgan.