Davlat mulki obyektlarida ijara asosida faoliyat ko‘rsatib kelgan va karantin sababli faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlardan ijara puli olinmaydi. Bu haqda chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot kotibi Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.

Bayonotga ko‘ra, 25 martga qadar davlat mulki ob’ektlaridan ijara shartnomasi asosida umumiy ovqatlanish, o‘quv markazlari, jismoniy tarbiya, sport, turizm va boshqa sohalarda foydalanib kelayotgan, ammo karantin sababli faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan tadbirkorlik subyektlariga 24 mart sanasidan boshlab foydalanmagan davr uchun hech qanday ijara puli hisoblanmasligi va to‘lanmaydi.

Bundan tashqari, pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni yumshatish maqsadida shu davrda investitsiya majburiyatlari bajarilishi kechiktirilgani uchun penya hamda jarimalar hisoblanmasligiga va majburiyat bajarilmagani uchun shartnomalar bekor qilinmasligiga to‘xtaldi. Aksincha, inqirozga qarshi kurash Respublika komissiyasi va uning hududiy shtablarining qarorlariga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishi muddatlari uzaytirib berishini aytib o‘tildi.

Shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalda bo‘lgan shartnomalarga asosan xarid to‘lovlari o‘z vaqtida bajarilmasa, inqirozga qarshi kurash Respublika komissiyasi va uning hududiy shtablarining qarorlariga ko‘ra, muddat qayta ko‘rilib chiqiladi.

Qo‘shimcha qayd etilganidek, Respublika komissiyasining topshirig‘iga ko‘ra, yuzaga kelgan karantin holatida aksiyadorlarga ham qulayliklar yaratib berish maqsadida xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi majlislari va aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlarini onlayn rejimda, masofada turib zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda ovoz berish orqali o‘tkazish tizimini 1 oy ichida joriy etish yuzasidan hozir Agentlik tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda va bu masala bo‘yicha alohida bayonot berilishi rejalajtirilgani haqida xabar berildi.