Koronavirus xavfi mavjudligi sababli cheklov choralari joriy etilgan vaqtda iste’molchilar qarzdorlik sababli kommunal xizmatlardan uzib qo‘yilmaydi, deya xabar qildi O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Energetika vazirligi matbuot xizmatlari «Gazeta.uz»ga.

Avvalroq UJKXK vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov aholini qo‘llab-quvvatlash uchun suv va issiqlik ta’minoti tashkilotlari, shuningdek oqova suvlarni tozalash korxonalari xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun jarima va penyalar hisoblanmasligini ma’lum qilgan edi. Qarzdorlar sudga berilmaydi va suv ta’minotidan uzib qo‘yilmaydi.

«Mintaqaviy elektr tarmoqlari» kompaniyasi ham elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlikka ega iste’molchilar tarmoqdan uzib qo‘yilmasligini e’lon qilgan edi.

Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni uydan chiqmagan holda to‘lov tizimlari va mobil ilovalar orqali amalga oshirish tavsiya qilinmoqda.

Yig‘ilib qolgan qarzdorlik karantin yakuniga yetishi bilan qoplanishi kerak.

Avvalroq hukumat qarori bilan internet va telefon aloqasi bo‘yicha qarzdorlar ikki oy davomida tarmoqdan uzilmasligini xabar qilgan edik.