Amerikaning Genscript kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan koronavirusni aniqlash bo‘yicha test tizimlari namunalari O‘zbekistonga olib kelindi. AQSH infeksion kasalliklarni nazorat qilish va ulardan ogohlantirish markazlari tomonidan tasdiqdan o‘tgan ushbu testlardan mahalliy muqobillarini ishlab чиқаришни tashkil etishda foydalanish rejalashtirilmoqda.

Namunalar Innovatsion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga jo‘natildi. Ularning olib kelinishini O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan tashkillashtirildi, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Elchixona Amerikaning ekspress-testlar ishlab chiqaruvchilari hisoblangan Biomedomics va US Inc. kompaniyalari hamda Vashington universiteti tibbiyot laboratoriyasi bilan ham ularni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

AQSH, XXR, Janubiy Koreya va Turkiyaning yetakchi laboratoriyalari bilan hamkorlikda innovatsion diagnostika vositalarini yaratish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan US Inc. kompaniyasi O‘zbekiston tibbiyot muassasalarini koronavirusni aniqlovchi test tizimlari bilan ta’minlashga tayyor ekanligini bildirdi, deyiladi xabarda.

TIV avvalroq AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) yangi turdagi COVID-19 koronavirusi aniqlangan va tarqalish xavfi yuqori bo‘lgan 25 ta davlat, jumladan O‘zbekiston uchun 37 mln dollar ajratganini eslatib o‘tdi. Amerika tomoni O‘zbekistonga viloyatlar bo‘yicha tarqatish uchun shaxsiy himoya vositalari — qo‘lqoplar, niqoblar, izolyatsiya xalatlari va himoya ko‘zoynaklari taqdim etdi.