O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi 24 mart kuni soat 15.00 da Toshkentda parlament yuqori palatasi majlislar zalida o‘z ishini boshlaydi.

Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida, shuningdek Toshkent shahriga kirish va chiqish 24 mart kunidan boshlab to‘xtatilganligi munosabati bilan yalpi majlis videokonferensaloqa shaklida o‘tkaziladi.

Kun tartibida «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida», «III va IV darajali „Sog‘lom avlod uchun“ ordenini ta’sis etish to‘g‘risida», «Sog‘lom avlod uchun» medalini ta’sis etish to‘g‘risida"gi qonunlar muhokamasi o‘rin olgan.

Senatorlar Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, Senat a’zolari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni muhokama qiladi.

Senatorlar, shuningdek Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal’a tumanini tashkil etish hamda Hazorasp tumani chegarasini o‘zgartirishni muhokama qiladi.