Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan 25 martdan boshlab Adliya vazirligi tizimidagi idoralar fuqarolarni qabul qilish tartibini o‘zgartirmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, Adliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlarni qabul qilish va ular bilan ishlash faqat elektron pochta yoki ishonch telefonlari orqali amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlari elektron shaklda my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina idoralarda amalga oshirilishi belgilangan.

FHDYO bo‘limlarida fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina (tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish) tashkil qilingan darcha orqali amalga oshiriladi.

Notariuslarga murojaat qilish faqat kechiktirib bo‘lmaydigan zaruriyat yuzaga kelganda (birinchi navbatda vasiyatnoma, ishonchnoma, garov, ipoteka bo‘yicha) e-notarius.uz sayti orqali tegishli notariusga hujjatlarni oldindan elektron shaklda taqdim etish va elektron navbatga yozilish orqali amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi fuqarolarni barcha binolarga kiritish faqat belgilangan navbat va vaqtga rioya etilgan holda hamda tibbiy niqob taqilgan, qo‘llar antiseptik vositalar bilan yuvilgan va tana harorati teplovizorlar orqali o‘lchangandan keyin yo‘l qo‘yilishini eslatib o‘tgan. Bino tashqarisi va ichida fuqarolar o‘zaro masofa (2 metr) saqlashlari lozim.