Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga karantin tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayevning o‘z Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, Jinoyat kodeksiga yangi 244−5 modda kiritilib, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, shunday ma’lumotni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bunday ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksi yangi 257−1 moddasi bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra sanitariyaga oid qonun xujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaxarlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa:

BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan maxrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yohud yohud 5 yilgacha ozodlikdan maxrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa 2 yildan 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yohud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamlarning, ya’ni ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘lsa 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham bir qator qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish BHMning 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Hujjat loyihasi muhokamalaridan deputatlar qonunni qabul qildi va ma’qullash uchun Senatga yuborildi.