Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruv direktori Kristalina Georgiyeva koronavirus bilan bog‘liq favqulodda holat munosabati bilan Katta yigirmalik (G-20) moliya vazirlari va markaziy bank raislari bilan telefon orqali majlis o‘tkazdi. Bu haqda XVFning rasmiy saytida xabar berdi.

Mazkur konferensiyada Kristalina Georgiyeva G-20 moliya vazirlari va markaziy bank raislarining koronavirusga qarshi tezkor amaliy chora-tadbirlarini olqishlab, dunyo iqtisodiyotiga yetkaziladigan zararini kamaytirish maqsadida barcha mamlakatlarni sog‘liq saqlash tizimiga alohida e’tibor berishlariga chaqirdi.

Shuningdek, rivojlanayotgan davlatlar inqirozga qarshi kurashda rivojlangan davlatlarga nisbatan zaifroq ekanligini inobatga olib, XVJ tomonidan o‘z a’zolari uchun favqulodda moliyalashtirish masalasini kuchaytirishini va o‘z jamg‘armasidan 1 trln dollar hajmli kredit ajratishga tayyorligini bildirib o‘tdi.

«Bu favqulodda holatdir. Ko‘plab mamlakatlar allaqachon misli ko‘rilmagan choralar ko‘rmoqda. XVF barcha a’zo mamlakatlari bilan ish olib borib, xuddi shunday choralar ko‘radi. Biz bu favqulod sharoitlarda butun dunyo insonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun birga turaylik», — deya Kristalina Georgiyeva o‘z nutqini yakunladi.