Xitoyda koronavirusga chalingan bemorlar soni kundan-kunga kamaymoqda. Hozirda shifoxonalarda 4735 kishi qolmoqda, infeksiyaga chalinganlarning 90 foizdan ziyodi esa sog‘aydi, deya xabar berdi RIA Novosti XXR Sog‘liqni saqlash masalalari davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga tayangan holda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, materikdagi Xitoyda koronavirus tasdiqlangan holatlar 81171 taga yetib, ularning 73159 tasida (90,13 foiz) insonlar sog‘aygan va shifoxonadan ruxsat berilgan. XXR Sog‘liqni saqlash masalalari davlat qo‘mitasi 12 mart kuni mamlakatda epidemiya o‘zining yuqori nuqtasidan tushishni boshlaganini ma’lum qilgan edi.

Xubey provinsiyasini hisobga olmaganda, epidemiya boshlanganidan buyon butun Xitoy bo‘yicha 13370 ta kasalikka chalinish holati qayd etilgan bo‘lib, 117 kishi vafot etgan, o‘lim darajasi 0,87 foizni tashkil etgan. Epidemiya o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasining o‘zida esa 67801 ta holat qayd etilib, 3160 kishi vafot etgan, o‘lim darajasi 4,66 foizni tashkil etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan beri kasallanganlar soni bo‘yicha birinchi beshta mamlakat orasida yetakchilik qilayotgan Xitoydan tashqari virusdan vafot etish darajasi Italiyada (63927 ta yuqtirish holati, 6077 ta o‘lim) eng yuqori, keyingi o‘rinlarda esa AQSH (46371 nafar bemor, Nyu-Yorkda vafot etganlar soni 125 nafar), Ispaniya (35136/2311) va Germaniya (29056/123) bormoqda.

Kasallik tarqalgandan beri butun dunyoda 381 499 ta kasallanish holati qayd etilgan. 16577 kishi koronavirusdan vafot etdi, 101794 kishi sog‘aydi.