O‘zbekistonda koronavirusning tarqalish zanjiri davom etishi mumkin, deb ogohlantirdi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligi direktori, davlat bosh sanitariya vrachi Baxrom Almatov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda (video).

U koronavirusning tarqalish prinsipini COVID-19 aniqlangan birinchi bemorning (xususiy klinikaning shifokori) misolida tushuntirdi.

U 11 mart kuni Parijdan Toshkentga qaytib, uyida bayram uyushtirgan va 35 nafar mehmonni taklif qilgan. Bugungi kungacha ulardan 13 nafarida koronavirus aniqlangan. Birinchi bemor bilan bitta manzilda 10 kishi yashaydi.

Avval xabar qilinganidek, bir samolyotda 50 ga yaqin yo‘lovchi ayol bilan uchib kelgan, ularning yarmi Toshkentda qolgan.

Ish joyida u 80 nafar xodim va 42 bemor bilan aloqa qilgan. Xodimlar qarindoshlari va tanishlari bilan muloqotda bo‘lishgan, kundalik yumushlar bilan band bo‘lishgan: do‘konlar, sartaroshxonalar va bozorlarga qatnashgan.

«Bu zanjir davom etadi», dedi Baxrom Almatov. Kasallik geometrik progressiya tarzida tarqaladi, chunki har bir kishi o‘z ishlari bilan band bo‘lib tanishlar va begonalar bilan muloqotda bo‘ladi, turli xil narsalar va yuzalar bilan kontaktda bo‘ladi.

Koronavirusning birinchi holati aniqlangandan so‘ng, darhol tergov olib borildi va Fransiyadan kelgan bemor bilan muloqotda bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning to‘liq ro‘yxati tuzildi. Ularning barchasi karantinga qo‘yilib, kuniga ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, dedi davlat bosh sanitar vrachi.

Birinchi bemor bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirgan fuqarolar Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining klinikasida davolanishmoqda.

Hukumat tomonidan ko‘rilayotgan qat’iy choralar (butun mamlakat bo‘ylab harakatni cheklash, ko‘plab ob’ektlarni yopib qo‘yish) odamlar o‘rtasidagi kontaktlarni qisqartirish uchun qilingan, dedi Baxrom Almatov.

Kishi bir kun ichida odatda ko‘p odamlar bilan, shu jumladan notanishlar bilan aloqa qiladi, deb davom etdi u.

Bosh vrach koronavirus bemori bilan aloqada bo‘lmagan va qarindoshlaridan hech kim chet elga chiqmagan 20 yoshli qizda koronavirus infeksiyasi holati qayd etilganini ma’lum qildi.

Bahrom Almatov ijobiy o‘zgarishlar haqida ham xabar berdi: davolanayotgan 5 fuqaroda koronavirus alomatlari yo‘qoldi. Shifokorlar ularni kuzatishda davom etishmoqda. Ushbu fuqarolar yana 14 kun karantinda bo‘lishadi, shundan so‘ng kasallik belgilari bo‘lmasa, uylariga qaytishga ruxsat beriladi.

Bosh sanitariya vrachi O‘zbekiston aholisiga o‘zlarini yomon his qilishganda tibbiy yordamga murojaat qilish, gigiyena qoidalariga rioya qilish, xonalarni tozalash va shamollatib turish, hamda uyda qolish muhimligini eslatib o‘tdi. Agar tashqariga chiqish uchun shoshilinch zarurat bo‘lsa, albatta niqob kiyish, uni kiyish qoidalariga rioya qilib, qo‘llarni sovun bilan tez-tez yuvib turish, qo‘llarni yuzga tekkizmaslik va kiyimlarni, ayniqsa poyabzalni toza tuti muhimligi ta’kidlandi.