Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 9 kishini tashkil etmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Koronavirus aniqlangan ilk bemor Fransiyadan kelgan. Unda 15 mart kuni infeksiya aniqlangan. Ikkinchi bemorda 16 mart kuni aniqlangan bo‘lib, birinchi bemordan yuqtirib olgan.

Uchinchi bemor 14 mart kuni Londondan uchib kelgan. 17 mart kuni infeksiya aniqlangan.

18 mart kuni COVID-19 infeksiyasi to‘rtinchi fuqaroda tasdiqlandi. Beshinchi bemor 20 mart kuni aniqlandi.

Koronavirus aniqlangan oltinchi bemor 18 mart kuni Rossiya davlatidan kelgach, «Sokol» bolalar oromgohida karantinda turgan. Unda 20 mart kuni infeksiya aniqlangan.

Yettinchi bemor 18 mart kuni Moskva orqali Shvetsiyadan kelgan. «Sokol» oromgohida karantinda bo‘lgan, 21 mart kuni kasallik aniqlangan.

Sakkizinchi bemor 14 mart kuni Dubaydan kelgan. 22 mart kuni virus aniqlangan.

To‘qqizinchi bemor hamshira bo‘lib, ayni paytda davolash ishlari olib borilyapti. Keyinroq, Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmatining o‘zi ushbu xabarni inkor qildi.

Ayni paytda Toshkent viloyatida jami 824 o‘ringa mo‘ljallangan yuqumli kasalliklar shifoxonalari mavjud bo‘lib, shundan 100 o‘rin viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, 744 ta o‘rin shahar va tuman tibbiyot birlashmasiga to‘g‘ri keladi.

Viloyat hududidagi Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Sokol» bolalar oromgohiga 264 nafar, «Energetika» sanatoriyasiga 255 nafar, «Nazarbek» sihatgohiga 243 nafar fuqarolar 14 kunlik karantin nazorati uchun joylashtirilgan.