O‘zbekiston hududida 2020 yil 24 mart soat 00:01 dan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi. Bu hukumatning 23 mart kuni qabul qilgan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida belgilangan. Hujjatning asosiy bandlari.

1. Koronavirus infeksiyasi asosan Toshkent shahri hududida aniqlanganligini inobatga olib va ushbu infeksiya respublikaning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududlardan Toshkent shahriga kirish (avtobus, mikroavtobus, yengil avtotransport, aviaqatnovlar va temir yo‘l transporti vositalari orqali) to‘xtatiladi.

IIV ma’lum qilishicha ushbu cheklov piyodalarning poytaxtga kirishiga ta’sir qilmaydi.

2. Toshkent shahriga kirish va chiqishga Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar, shuningdek, Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda Toshkent shahrida mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida — ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlari hamda yuk tashish bilan bog‘liq hollarda ruxsat beriladi.

3. Toshkent shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi.

4. Respublika hududiga xorijiy davlatlardan, shuningdek, Toshkent shahriga boshqa hududlardan kirib kelayotgan barcha transport vositalari, tovar va yuklarning majburiy ravishda dezinfeksiya qilinadi.

5. Tartibning amal qilish davrida, zaruratga ko‘ra, qo‘shimcha yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlar tashkil etilishi mumkin.

6. Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi.

7. Birinchi bosqichda Toshkent shahrida, keyinchalik bosqichma-bosqich Nukus shahri, viloyat va tuman markazlarida joylashgan barcha yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylarini tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi.

8. Fuqarolar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i va telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli ikki oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

9. Davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari vakillarini qabul qilish hamda ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkon qadar «onlayn» rejimga o‘tkaziladi.

10. Idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib («onlayn» rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil этилади.

11. Ish joylarida xodimlarning tana harorati o‘lchanadi va tana harorati yuqori bo‘lgan xodimlarni ish joyida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu xodimlar to‘g‘risida sog‘liqni saqlash organlariga zudlik bilan xabar yetkaziladi.