22 mart kuni M.T. ismli ayol (1964 y.t.) Respublika virusologiya ilmiy tekshiruv institutiga o‘zida koronavirus (Covid-19) kasalligi mavjudligini tekshirish maqsadida qon tahlillarini topshirib, natijalarini kutmasdan, Qibray tumani, Roxatbaxsh ko‘chasidagi xonadonga kelib, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Qon tahlillari natijalariga ko‘ra, M.T.da koronavirus (Covid-19) alomatlari aniqlangan va u tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro M.T. joriy yil 12 mart kuni yuqorida ko‘rsatilgan manzilda o‘tkazilayotgan to‘y marosimida koronavirus (Covid-19) aniqlangan birinchi bemor bilan uchrashib, muloqotda bo‘lganligi sababli, virus mavjudligini tekshirish uchun zarurati paydo bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 22 mart kuni fuqaro M.T.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan.

Hodisa joyiga Qibray tumani karantin guruhi chiqib, huquqbuzar muloqotda bo‘lgan shaxslarning yashash joylari dezinfeksiya qilinib, barchasi Chirchiq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantinga yotqizildi.

23 mart 00:45 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus qayd etilgan bemorlar soni 45 kishiga yetgan.