Avazbek Jabborqulovich Xodjimetov Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i — Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi etib tayinlandi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Ushbu lavozimda bunga qadar 2011 yildan buyon Adilbek Kaipberganov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Avazbek Xodjimetov (1974 y. t.) Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan. Mehnat faoliyatini TIV huzuridagi «Jahon» axborot agentligida boshlagan. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida press-atashe sifatida (2004−2007), TIVning BMT ishlari va xalqaro tashkilotlar boshqarmasida (2007−2009) faoliyat ko‘rsatgan.

Prezident devonida turli lavozimlarda ishlagan (2009−2015). Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik ishlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-tahliliy markaziga rahbarlik qilgan (2015−2016). Prezident matbuot kotibi (2016), prezident matbuot xizmati xxborot-tahlil ishlari bo‘yicha sektori mudiri hamda Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari (2019) bo‘lib ishlagan.