O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan coronavirus.uz rasmiy veb-sayti yaratildi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Ushbu saytda koronavirus infeksiyasi to‘g‘risidagi kerakli ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Xususan, unda jahon va O‘zbekistondagi epidemik vaziyat, har kunlik tezkor va ishonchli manbalardan olingan so‘nggi yangiliklar taqdim etiladi. Shuningdek, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatning xorijiy davlatlardagi elchixonalari bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan ham tanishish mumkin.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ham ishga tushirilgan edi. Fuqarolar ushbu makrkazga qo‘ng‘iroq qilib, koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq savollarga mutaxassislardan tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar olishmoqda.

Shuningdek, Koronavirus Info telegram kanali ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlangan koronavirus infeksiyasiga oid har kunlik ishonchli ma’lumotlar e’lon qilib borilmoqda.